Alloh Taolo Qur'onda suv jonivorlari haqida shunday deydi:
أُحِلَّ لَكُمْ صَيْدُ الْبَحْرِ وَطَعَامُهُ مَتَاعًا لَكُمْ وَلِلسَّيَّارَةِ
"(Ey mo'minlar!) Sizlarga va yo'lovchilarga foydalanish uchun dengiz jonivorlari va uning oziq-ovqati halol qilindi".
Allohning Elchisi (u zotga Allohning salovoti va salomi bo'lsin): "Dengiz suvi pok va uning o'ligi halol" [1], deganlar.
Hanafiya mazhabi ulamolari Qur'on va sunnatda zikr etilgan "suv jonivorlari" deganda baliq turkumiga kiruvchi jonivorlar nazarda tutiladi, deb izohlaydi. Ya'ni, o'z-o'zidan o'lib suv yuzasiga chiqqan baliqdan tashqari, har qanday baliq turining o'ligi ham, tirigi ham yeyilishi mumkin.
Umuman, baliq tutishning bir necha usullari bor. Ularning ba'zilari shariatga muvofiq bo'lsa, ba'zilari unga zid. Shuning uchun baliqchi shariatga mos yo'l bilan baliq tutishi lozim. Ya'ni, Alloh bergan ne'matga gunohli yo'l bilan erishish to'g'ri emas. Alloh Taolo Qur'onda:
كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللهِ وَلَا تَعْثَوْا فِي الْأَرْضِ مُفْسِدِينَ
"Alloh rizqidan yeb-ichinglar va yer yuzida buzg'unchilik qilmanglar" [2].
So'nggi paytlarda keng tarqalgan baliq tutish usullaridan biri – elektr toki bilan tutishdir. Tok kuchi oshirilsa, baliq o'lib suv yuzasiga chiqadi, kuchi kam bo'lsa, baliq o'lmasa ham, hushidan ketadi. Baliq suza olmagani uchun suv yuzasiga chiqib, uni tutish osonlashadi.
Baliqni tok bilan tutishning quyidagi zararli jihatlari bor:
Baliqni qiynab, azoblab o'ldirish. Islom rahm-shafqat dini bo'lganligi uchun bunday ishlar shariat talablariga mos kelmaydi. Shariatda hayvon so'yilsa ham, uni chiroyli tarzda qilish buyurilgan. Allohning Elchisi: "Alloh har bir narsani chiroyli qilishni buyurdi. Shuning uchun hayvon so'ysangiz, yaxshi qilib so'yinglar, pichoqni oldindan o'tkirlab olinglar, hayvonni qiynamanglar" [3], deganlar.
Daryo-ko'ldagi tirik mavjudotlarning bugungi va kelajak avlodiga xavf tug'dirib, baliq zaxirasini kamaytiradi. Tok bilan tutish natijasida katta-kichik baliqlar, ikra, suv o'simliklari, chuvalchanglar kabi jonivorlarning hammasi nobud bo'ladi. Hatto tirik qolgan baliqlar ham ikra tashlamay qo'yadi. Hadisda:
لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ
"O'zingga ham, boshqalarga ham zarar yetkazish yo'q" [4], deyilgan.
Xulosa qilib aytganda, elektr toki bilan tutilgan baliqni yeyish mumkin bo'lsa-da, suvdagi tiriklikni yo'q qilish xavfi bo'lganligi sababli bunga ruxsat berilmaydi [5].
Shariat va fatvo bo'limi
[1] Termiziy, Abu Dovud.
[2] Baqara surasi, 60-oyat.
[3] Imom Muslim.
[4] Imom Ahmad.
[5] https://www.dar-alifta.org/ar/ViewFatwa.aspx?ID=13266&LangID=1&
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.