Qo'y va echki faqat bitta odam nomidan so'yiladi. Tuya va qoramol esa bir odam yoki yetti odam nomidan so'yilishi mumkin. Lekin yetti kishidan oshib ketish mumkin emas [1] .
Bu borada Jabir (Alloh undan rozi bo'lsin) rivoyat qilgan:
نَحَرْنا مع رسولِ اللهِ صلَّى اللهُ عليه وسلَّم عامَ الحُديبيةِ: البَدنةَ عن سَبعةٍ، والبَقرةَ عن سَبعةٍ
« Hudaybiya yilida Rasululloh bilan birga bitta tuyani yetti odam nomidan, bitta qoramolni ham yetti odam nomidan so'ydik » [2] , – deb aytganlari dalildir.
Biroq tuya va qoramolni qurbonlikka birga so'yadiganlarning barchasi niyati ibodat – ya'ni qurbonlik qilish bo'lishi shart. Agar ulardan biri faqat go'sht olish niyatida qo'shilsa, barchasining qurbonligi qurbonlik hisoblanmaydi [3] . Qurbonlik, qiron [4] , tamattu' [5] , aqiqa [6] , nazr [7] qurbonliklariga niyat qilib ham qo'shilish mumkin. Muhimi, barchasining niyati ibodat bo'lishi lozim [8] .
"Qurbonlik fatvolari" kitobidan
[1] "al-Mabsut", 6/171.
[2] Muslim, №1318.
[3] "al-Fatawa al-Hindiyya", 5/375.
[4] Qiron – haj qilishning bir turi. Unda avval umra qilinadi, so'ng ihrimdan chiqmasdan, ihrim kiyimida haj vaqtini kutadi. Haj vaqti boshlanganda o'sha ihrimi bilan hajni ado etadi. Ya'ni hajga umra qo'shilib, ikki ibodat bir ihrimda ado qilinadi.
[5] Tamattu' – haj qilishning bir turi. Unda avval umra qilinadi, so'ng ihrimdan chiqiladi. Haj vaqti boshlanguncha ihrimda taqiqlangan narsalar ruxsat etiladi. Haj vaqti boshlanganda yana ihrimga kirilib, haj ado qilinadi.
[6] Aqiqa – arab tilida "yangi tug'ilgan chaqaloqning sochi" degani. Shariatda esa: "Bu – chaqaloq tug'ilganiga shukronalik sifatida Alloh taologa so'yiladigan qurbonlik".
[7] Nazr qurbonligi – bu ma'lum bir shart bajarilganda musulmon bir hayvonni qurbonlikka so'yishni va'da qilib, va'da vaqti kelganda so'yiladigan hayvonga aytiladi.
[8] "Bada'i as-sanayi'", 4/198.
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.