Qust (lot. Costaceae yoki Costus) – hindistonlik daraxt bo‘lib, tibbiyotda va xushbo‘ylik uchun ishlatiladi [1]. Arab savdogarlari bu shifobaxsh o‘simlikni Hindiston va Xitoydan Arabiston yarim oroliga dengiz orqali olib kelganlar. Shu sababli, uni qistul-bahriy (dengiz qusti) yoki qistul-hindi (hind qusti) deb ham atashadi.
Dengiz qustining rangi oq va yumshoqroq, hind qusti esa qora va juda achchiq bo‘ladi. Lekin ikkalasining ham foydasi ko‘p. Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qilgan hadislarda bu o‘simlik haqida shunday deyiladi:
إِنَّ أَفْضَلَ مَا تَدَاوَيْتُمْ بِهِ الْحِجَامَةُ، وَالْقُسْطُ الْبَحْرِيُّ
«Albatta, davolanishda eng yaxshi usul – hijama va qistul-bahriy» [2].
Ummu Qays Rasulullohning (unga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin) shunday deganini eshitgan:
عَلَيْكُمْ بِهَذَا الْعُودِ الْهِنْدِيِّ، فَإِنَّ فِيهِ سَبْعَةَ أَشْفِيَةٍ: يُسْتَعَطُ بِهِ مِنَ الْعُذْرَةِ، وَيُلَدُّ بِهِ مِنْ ذَاتِ الْجَنْبِ
«Bu hind daraxtini ishlatinglar. Unda yetti xil (kasallikka) shifo bor. Burunga tomizish orqali tomoq kasalligini, og‘izga solish orqali o‘pka shamollashini [3] davolaydi» [4], – deganlar.
Tabiblar bu o‘simlikning foydasi haqida: «U hayz va siydikni haydash, zaharni qaytarish, jinsiy faollikni oshirish, asal bilan ichilsa, ichak parazitlarini o‘ldirish, teridagi dog‘larni ketkazish, oshqozon va jigar kasalliklari, bezgak va shishlarni kamaytirish va boshqalarga davo» [5], – deb, ko‘plab dardlarga shifo ekanini ta’kidlaganlar. Shuningdek, u balg‘amni chiqarish, shamollashni bartaraf etish, o‘pka shamollashini davolash va boshqalarga ham foydali [6].
Hadisda qistul-hindining yetti kasallikka shifo ekani aytilgan bo‘lsa-da, tajriba davomida uning ko‘plab dardlarga davo ekani aniqlangan. Hatto uni tabiiy antibiotik deb ham atashgan. Bundan tashqari, immunitetni oshirishga ham yordam beradi.
Qistul-hindini ishlatish usuli sifatida uni kukun holida zaytun yog‘i bilan aralashtirib badaniga surish, suv yoki asalga qo‘shib ichish, zaytun yog‘i bilan burunga tomizish, tutatish mumkin [7].
Demak, yuqoridagi ma’lumotlarga ko‘ra qistul-hindi ko‘plab kasalliklarga davo bo‘lishi mumkin. Shu sababli, uni ayniqsa bronxit, yo‘tal va boshqa kasalliklarda davolash uchun ishlatish mumkin.
Bavurjon Abdulaliyev,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Shariat va fatvo bo‘limi mutaxassisi
[1] Tahzibu al-lug‘a, 8/298.
[2] Buxoriy, №5696.
[3] Bu yerda buyrak yoki sil kasalligi nazarda tutilgan degan fikrlar ham bor.
[4] Buxoriy, №5692. Muslim, №2214.
[5] Mirqotul-mafatih sharhu mishkatil-masabih, 8/353.
[6] Ad-Dinu al-xolis av irshadu al-xolqi ila dini al-haq, 7/39.
[7] Fathul-bari, 10/157.
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.