Qadimiy urf-odatlarimizga yangi, ilgari eshitilmagan odatlar qo‘shilmoqda. Shulardan biri – gender party, ya’ni homilador ayol yoki oila yaqinlari homiladagi bolaning jinsini bo‘lajak otaga xushxabar qilib, kutilmagan tarzda e’lon qilishi.
Ultratovush tekshiruvi natijasida bolaning jinsi aniqlangach, ayol bu ma’lumotni turli usullar bilan oshkor qilishi mumkin. Masalan, shar rangini, tort rangini yoki maxsus qutiga yashirilgan boshqa atributlar orqali. Bozorda bu tadbirni maxsus tashkil qilib beradigan xizmatlar ham paydo bo‘lgan.
Qur’oni Karimda: «Alloh har bir urg‘ochi nimani ko‘tarayotganini, bachadonlarda nimani kamaytirib, nimani ko‘paytirayotganini, nimani tushirib (ya’ni homila tushishi yoki muddatidan oldin tug‘ilishi), nimani muddatidan oshirib yuborishini to‘liq biladi. Uning huzurida hamma narsa o‘lchovli» , – deyiladi («Ra’du» surasi, 8-oyat).
Bugungi kunda homiladagi bolaning jinsini ultratovush tekshiruvi orqali bilishimiz mumkin. Lekin kelajakda u bola qanday dunyoga kelishini va qanday yashashini Alloh Taolodan boshqa hech kim bilmaydi.
Alloh elchisi (unga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin): «G‘ayb (yashirin narsalar)ning kaliti beshta. Uni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Ertaga nima bo‘lishini, ayol kimni tug‘ishini, yomg‘ir qachon yog‘ishini, odam qayerda o‘lishini, Qiyomat qachon bo‘lishini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi» , – degan (Buxoriy). Shuning uchun oldindan xursand bo‘lib, hali tug‘ilmagan bolaga bayram qilish noo‘rin hisoblanadi.
Birinchidan, shariatimizda aytilmagan, dinimizda buyurilmagan ishni qilish orqali bid’at (gunoh)ga yo‘l ochiladi.
Ikkinchidan, behuda mol sarflab, foydasiz yig‘in o‘tkazsa, isrof qilgan bo‘ladi.
Uchinchidan, dindor bo‘lmagan jamiyat odatiga ergashib, ularga taqlid qilish odamni adashishga olib boradi.
To‘rtinchidan, qadimiy urf-odatimizda homilador ayol imkon qadar ko‘z va tildan saqlangan va o‘z holatini oshkor qilishni uyat deb bilgan.
Hasan AMONQUL,
“Munara” gazetasi, №20, 2020 yil
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.