Homilador va emizikli ayol ro'zada nima qiladi?
Javob: Homilador yoki emizikli ayol o'zi yoki bolasiga zarar yetishidan xavotir olsa, ro'za tutmaslikka ruxsat beriladi [1]. Keyin bu ro'zaning qazosini ado qiladi. Uzarli sabab bilan ro'za tutmaganligi uchun kafforat vojib bo'lmaydi. Shuningdek, fidya ham berilmaydi. Chunki homiladagi yoki emizayotgan bolaga xavf bo'lgani uchun ro'za tutmaslik keksalar masalasiga o'xshamaydi. Anas ibn Molik (Alloh undan rozi bo'lsin) rivoyat qiladi:
رَخَّصَ رَسُولُ اللَّهِ (صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمْ) لِلْحُبْلَى الَّتِى تَخَافُ عَلَى نَفْسِهَا أَنْ تُفْطِرَ وَلِلْمُرْضِعِ الَّتِى تَخَافُ عَلَى وَلَدِهَا.
«Allohning Rasuli (unga Allohning salovoti va salomi bo'lsin) o'zi uchun xavotirga tushgan homilador ayolga va bolasiga zarar yetishidan qo'rqqan emizikli ayolga ro'za tutmaslikka ruxsat berdi» [2], – deydi.
Agar emizikli ayol bolasini o'z suti o'rniga boshqa (yangi tug'ilgan bolalar uchun mo'ljallangan aralashma) bilan boqishga imkoniyati bo'lsa, ro'zasini ochmaydi. Ammo bunga imkoniyati bo'lmasa yoki bolasi bunday ozuqani qabul qilmasa, unda emizikli ayol o'zi yoki bolasiga zarar yetishidan xavotir olib, ro'zasini ochishi mumkin [3].
Shuningdek, agar shifokor emizikli ayolga bolasi uchun zarur vitaminlarni qabul qilishni tavsiya qilsa, unga ro'za tutmaslikka ruxsat beriladi. "al-Fatava at-Tatarkhaniya"da shunday keladi: "Shayxdan: 'Ich ketayotgan emizikli bolaga dori ichirilsa, o'lishi mumkin. Shifokorlar onasi dori ichsa, suti orqali bola davolanadi, deyishmoqda. Shuning uchun bu ayol Ramazon kunida shu dorini ichishi zarur bo'lsa, bu uzrli holat asosida ro'zasini ochishi mumkinmi?' deb so'ralganda, u: 'Malakali shifokorlar shunday xulosa chiqarsa, ochishi mumkin', – dedi" [4].
O'z sog'lig'iga yoki bolasiga zarar yetadimi-yo'qmi, kasalligi xavfli yoki xavfsizligini aniqlash uchun yaxshi shifokorga murojaat qilish ma'qul. Buni barcha islom ulamolari qo'llab-quvvatlaydi.
Qazosini ado etishda ro'zani ketma-ket yoki alohida-alohida tutish mumkin.
Savol: Homilador ayol ro'za tutib yurib, qon ko'rsa, ro'zasi buziladimi?
Javob: Ba'zi ayollarda homiladorlik paytida kelgan qon hayz yoki nifos qoni hisoblanmaydi. Bu – istihaza qoni [5]. Chunki nifos qoni – bola tug'ilgandan keyin keladi. Homiladorlikda hayz qoni kelmaydi. Shuning uchun homiladorlikda kelgan qon istihaza bo'lib, ro'zani buzmaydi.
Savol: Bola tug'ilgandan keyin nifos qoni 40 kunga yetmay to'xtasa, ro'zasini davom ettiradimi?
Javob: Nifos – bola tug'ilgandan keyin keladigan qon. Uning ko'pi 40 kun, eng kamida esa chegarasi yo'q [6]. Agar bola tug'ilgandan keyin nifos qoni 40 kunga yetmay to'xtasa, sog'ligi imkon bersa, shu vaqtdan boshlab g'usl qilib, ro'zasini davom ettiradi. Agar bir necha kun to'xtab, yana qon kelsa, to'xtagan kunlar nifos kunlari hisoblanadi va o'sha kunlardagi ro'zalar qazo qilinadi [7].
Ayol birinchi bolasini tug'ganidan keyin nifos qoni necha kun kelsa, keyingi nifos kunlari ham shu kunlar bilan hisoblanadi. Ikkinchi bolasini tug'ganida bunga e'tibor berishi kerak. Agar ikkinchi tug'ruqda nifos kunlari birinchisidan boshqacha bo'lsa, qirq kun to'lmaguncha hammasi nifos hisoblanadi. Ammo qon to'xtamay 40 kundan oshsa, birinchi belgilangan muddat asos qilib olinadi va o'sha kunlardagi o'qilmagan namoz va tutmagan ro'zalar qazo qilinadi.
Agar ayol birinchi marta tug'ib, qon kelishi 40 kundan oshib ketsa, 41-kundan boshlab bu istihaza hisoblanadi, g'usl qilib, namoz o'qiydi, ro'za tutadi [8].
"Ramazon ro'zasiga oid fatvolar" kitobidan
[1] "Al-Ixtiyor", 1/419.
[2] Ibn Moja, №1658.
[3] Abdulhamid Mahmud Tuhmaz, "al-fiqh al-hanafi fi saubihi al-jadid", 1/439.
[4] "Al-Fatava at-Tatarkhaniya fil-fiqh al-hanafi", 2/115.
[5] "Al-Lubab fi sharhi al-kitab", 1/48.
[6] "Al-Lubab fi sharhi al-kitab", 1/48. "At-tashil ad-daruri li masail al-Quduri": 1/26.
[7] "Al-binaya sharhu al-Hidaya": 1/691.
[8] "Al-Lubab fi sharhi al-kitab", 1/48.
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.