Qur'oni Karimda: «Alloh kimni hidoyat qilmoqchi bo‘lsa, uning ko‘nglini (ya'ni qalbini iymon nuri bilan yoritar) Islomga ochadi», – deyilgan («An'am» surasi, 125-oyat).
Boshqa din vakili musulmon bo‘lishi uchun shahodat kalimasini, ya'ni «Ашҳаду ан лаа илаҳа иллаллоҳу, ва ашҳаду анна Муҳаммадан абдуҳу ва расулуҳу» deb aytadi. Ma'nosi: «Men Allohdan boshqa ibodatga loyiq iloh yo‘qligiga, Muhammad uning quli va elchisi ekaniga guvohlik beraman». Iymon so‘zini til bilan aytib, qalb bilan tasdiqlashi shart.
Islom dinini qabul qilgan odam avvalo tanlagan yo‘li (dini) haq ekaniga va uning har bir hukmiga ishongan holda iymon keltirishi, iymonini til bilan aytib, iqror qilishi farz. Iymonning yetti sharti bor:
Alloh taologa
farishtalarga
tushirilgan muqaddas kitoblarga
payg‘ambarlarga
oxirat kuniga
taqdirga, ya'ni yaxshi-yomon ishlarning barchasi Alloh taolodan ekaniga
Qiyomat kuni qayta tirilishga to‘liq ishonish
Qur'oni Karimda: «Ey iymon keltirganlar! Allohga, Uning Payg‘ambariga va Payg‘ambariga bosqichma-bosqich nozil qilgan Kitobga, shuningdek, ilgari nozil qilgan ilohiy kitoblarga munosib tarzda iymon keltiringlar. Kim Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga ishonmasa, kufr qilsa, u holda shubhasiz, haq yo‘ldan butunlay uzoqlashib, qattiq adashgan bo‘ladi», – deyilgan («Niso» surasi, 136-oyat).
Islom dinini qabul qilgan insonning o‘tgan barcha gunohlari kechiriladi.
Alloh elchisi (unga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin): «Islom avvalgi gunohlarni o‘chiradi» , – degan (Muslim).
Islomni qabul qilib, musulmon bo‘lgan odamning g‘usl qilishi mustahab («al-Javharat un-Nayira», 1/146). Unga Islomga oid zarur bilimlarni o‘rganish, namoz o‘qish, boy bo‘lsa, zakot berish, Ramazon oyida ro‘za tutish, imkon topilsa, haj safariga borish vojib bo‘ladi.
Tayyorladi: Hasan AMANKUL
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.