Namoz vaqtlari
Ro‘zauz

KASAL ODAMNING RO'ZASI HAQIDA SAVOLLAR

Shejire Editorial

JavobEditorialShejire Editorial

Savol: Kasal odam ro'za tutishi mumkinmi?

Javob: Agar ro'za tutish kasalning ahvolini og'irlashtirsa yoki tuzalishini sekinlashtirsa, ro'za tutmaslikka ruxsat beriladi [1]. Hatto ro'za tutayotgan paytda ko'zi qattiq og'risa yoki isitmasi ko'tarilsa, ro'zani ochishga ham ruxsat etiladi. Shuningdek, kasal odam yotib qolsa, namozni tik turgan holda o'qiy olmasa ham ro'zani ochishi mumkin [2]. Bunday holatda tajribali yoki malakali shifokorning maslahatiga amal qilinadi. Davolanishdan so'ng tutolmagan ro'zalarining qazosini ado etadi. Alloh taolo Qur'onda shunday deydi:

فَمَنْ كَانَ مِنْكُمْ مَرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ

«Bas, sizlardan kim kasal yoki safarda bo‘lsa, boshqa kunlarda tutadi» [3].

Lekin Ramazon oyida har qanday kasallik uchun ro'za ochishga ruxsat berilmaydi. Ba'zan ro'za tutish kasalga foyda ham bo'lishi mumkin. Chunki ilmiy jihatdan ham ro'za ko'plab kasalliklarga shifo ekani isbotlangan [4].

Savol: Keksalar va surunkali kasali bor odamlar ro'za tutmasa bo'ladimi?

Javob: Yilning boshqa faslida ham ro'za tutishga qodir bo'lmagan keksalar va umr bo'yi surunkali kasallik bilan og'riganlarga ro'za tutmaslikka ruxsat beriladi [5]. Ular uchun qazo qilish ham shart emas. Ular har kuni bir miskinni ro'za kafforatidagi kabi (ertalab va kechki ovqat bilan) to'ydirishlari vojib bo'ladi [6]. Bu haqda Alloh taolo shunday degan:

وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍۖ

«Ro'za tutishga zo'rg'a qodir bo'lganlar (ya'ni, keksalar va surunkali kasallarga har bir tutolmagan kun uchun) fidya sifatida bir miskinning (bir kunlik ikki mahal) ovqatini (yoki uning qiymatini pul bilan) berishlari kerak» [7].

Ibni Abbos buni ro'za tutishga qodir bo'lmagan keksalar va qariyalar deb izohlagan [8].

Fidya – (o'rtacha hisobda) bir odamning har kungi (ertalab va kechki) to'yib yeydigan ovqati [9]. Fidya miqdorini fitr sadaqasi miqdoriga tenglashtirish ham mumkin. Fidya Ramazon oyining boshida yoki oxirida berilishi mumkin [10].

Bir necha kunlik fidyani bir kishiga yoki bir necha kishiga bo'lib berish mumkin. Bu sadaqa jamiyatdagi kambag'allarga, ko'p bolali va ehtiyojmand oilalarga, holi og'ir nogironlarga tarqatiladi. Fidya berishga imkon topilmasa, undan ham ozod qilinadi. Alloh taolodan mag'firat so'raydi [11].

Agar kasal odam keyinchalik surunkali kasalligidan tuzalib ketsa yoki zaif odam kuchga kirsa, uzri yo'qolgan hisoblanadi va bergan fidyasi bekor bo'ladi [12]. Ya'ni, ilgari tutolmagan ro'zalarining qazosini ado etadi. Chunki fidya berish uchun kasallik yoki zaiflik holati vafotigacha davom etishi shart [13].

Savol: Odam qand kasaliga chalinib, ro'za tuta olmasa nima qilishi kerak?

Javob: Kasallik – ro'za tutmaslikka ruxsat beradigan uzrlardan biridir. Imom Nasafiy «Kanzu ad-Daqoiq» kitobida: «Kasallik kuchayishidan qo‘rqilsa, ro'zani ochishga ruxsat» [14], – degan.

Lekin bu kasalliklarni ikki turga bo'lamiz:

  1. Birinchisi: Tuzaladigan kasallik. Bunday holatda ro'zani ochish mumkin. Keyin tuzalib ketgach, qazosini ado etadi. Alloh taolo «Baqara» surasining 184-oyatida: «Kim kasal bo‘lsa yoki safarda bo‘lib ro‘za tutolmasa, (qazo bo‘lgan kunlarini) boshqa vaqtda tutadi», – degan.

  2. Ikkinchisi: Ro'za tutishga qodir bo'lmagan, surunkali (doimiy) kasallik. Bunday holatda ro'za tutmay, har kuni uchun fidya beradi. Alloh taolo yuqoridagi oyatning davomida: «Ro'za tutishga zo'rg'a qodir bo'lganlar (ya'ni, keksalar va surunkali kasallarga) fidya sifatida bir miskinning ovqatini berishlari kerak», – degan.

«Ramazon ro'zasiga oid fatvolar» kitobidan

  • [1] «Raddu al-muxtar», 3/403-404.

  • [2] «Al-Fatawa at-Tatarkhaniyya fil-fiqh al-hanafi», 2/114.

  • [3] «Baqara» surasi, 184-oyat.

  • [4] Abdulhamid Mahmud Tuhmaz, «al-fiqh al-hanafi fi sawbihi al-jadid», 1/437.

  • [5] «Raddu al-muxtar», 3/410. Abdulhamid Mahmud Tuhmaz, «al-fiqh al-hanafi fi sawbihi al-jadid», 1/442.

  • [6] «Al-Hidoya sharhu bidayatu al-mubtadi ma'a sharhi al-allamati Abdulhay al-Laknawi», 2/270. «Raddu al-muxtar», 3/410.

  • [7] «Baqara» surasi, 184-oyat.

  • [8] At-Tahanawi, «I'la as-sunan», 6/2891. Buxoriy, №4505.

  • [9] «Fatawa at-Tarakhaniya», 2/117.

  • [10] «Raddu al-muxtar», 2/427. «Al-Bahr ar-raiq sharhu kanz ad-daqoiq», 2/308.

  • [11] Abdulhamid Mahmud Tuhmaz, «al-fiqh al-hanafi fi sawbihi al-jadid», 1/442-443.

  • [12] «Al-Fatawa al-hindiya», 1/227.

  • [13] «Al-Hidoya sharhu bidayatu al-mubtadi ma'a sharhi al-allamati Abdulhay al-Laknawi», 2/270. «Raddu al-muxtar», 3/410.

  • [14] «Kanzu ad-daqoiq», 28-bet.

Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Bu yerdagi javoblarni foydalanuvchilar yozadi, ular rasmiy fatvo emas. Majburiy hukm uchun vakolatli din xodimiga murojaat qiling.

👍 0👎 0💬 0
Ulashish:

Izohlar

Hozircha izoh yo‘q.