Alloh taolo Qur'onda shunday deydi:
«Sanagli kunlarda (farz namozdan keyin takbir, tahlil aytib) Allohni eslanglar» [1] , - deb buyurdi.
Payg‘ambarimiz (unga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin) shunday deganlar:
«Alloh taolo huzurida ushbu o‘n kunda qilinadigan ezgu amaldan afzal va sevimliroq ish yo‘q. Demak, shu kunlarda tasbih (subhanalloh), tahmid (alhamdu lillah), tahlil (la ilaha illalloh), takbir (Allohu akbar)ni ko‘paytiringlar», – deganlar [2] .
Olimlar takbir tashriq aytish borasida ittifoq qilishgan (ijmo‘ qilganlar).
Shariatga ko‘ra, tashriq kunlari har bir farz namozdan so‘ng bir marta takbir tashriq aytish vojibdir. Takbirni imomga ergashib namoz o‘qiganlar ham aytadilar. Ayollar takbir aytganda ovozlarini baland ko‘tarmaydilar. Takbirni bir martadan ko‘p aytish ham mumkin. Oldingi qazo namozlarini o‘qiyotganda yoki tashriq kunlari qazo qilib, keyin o‘qilsa, takbir tashriq aytilmaydi.
Takbir-tashriq aytiladigan kunlar – besh kun. Ular: arafat kuni, uchta hayit kunlari va undan keyingi bir kun. Bu yil bu kunlar 5, 6, 7, 8, 9 iyunga to‘g‘ri keladi. Demak, 5 iyun kuni bomdod namozining ikki rakat farzini o‘qib, ikki tomonga salom bergandan so‘ng takbir aytishni boshlaymiz va 9 iyun asr namozida tugatamiz. Shu oraliqda takbir-tashriq har bir farz namozdan so‘ng, jami 23 namozda aytiladi.
Takbir tashriq so‘zlari: Аллаһу акбар, Аллаһу акбар! Лә илааһа иллаллаһу, уаллаһу акбар! Аллаһу акбар, уә лиллаһил хамд!
Takbir tashriqning voqeasi quyidagicha: «Ibrohim payg‘ambar o‘g‘li Ismoilni qurbon qilish uchun tomog‘iga pichoq tortganda, pichoq o‘tmagan. Shunda Alloh taolo Jabroil farishtaga fidya uchun qo‘y olib kelishni buyurgan. Jabroil farishta Ibrohim payg‘ambar o‘g‘li Ismoilni so‘yib yuborishidan qo‘rqib, «Аллаһу акбар, Аллаһу акбар» deb takbir aytgan. Ibrohim payg‘ambar buni eshitib, «Лә илааһа иллаллаһу, уаллаһу акбар» degan. O‘g‘li Ismoil o‘rniga qurbonlik berilganini bilib, «Аллаһу акбар, уә лиллаһил хамд» deb shukr qilgan» [3] .
Hasan AMONQUL
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Diniy bilim va kadrlar tayyorlash
bo‘limi boshlig‘i
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.