Namoz vaqtlari
Aqidauz

Qiyomat butun olamda bo'ladimi?

Shejire Editorial

JavobEditorialShejire Editorial

Savol: Qiyomat faqat Yer sayyorasida bo'ladimi yoki butun olamda sodir bo'ladimi? Ilon Maskning "Agar insoniyat Marsga ko'chib o'tsa, qiyomatdan qutuladi" degan g'oyasiga qanday qarash mumkin?

Javob: Alloh taolo Qur'onda shunday deydi:

«Tun va kunduzni, quyosh va oyni yaratgan Zot O'zi. (Quyosh va oy kabi osmon jismlarining) har biri o'z yo'nalishida suzib yuradi», – deb xabar beradi ("Anbiyo" surasi, 33-oyat).

Quyosh tizimida Quyosh va uning atrofida harakat qiladigan 9 ta katta sayyora (Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun va Pluton) mavjud. Bundan tashqari, sayyoralarning yo'ldoshlari, asteroidlar, kometalar va ko'plab meteor jismlari ham bor. Bizning galaktikamizdan tashqari, yana juda ko'p yulduz to'dalari mavjud.

Sayyoralar massasi, kimyoviy tarkibi, aylanish tezligi va yo'ldoshlari soniga ko'ra ikki guruhga bo'linadi. Quyoshga yaqin joylashgan to'rtta sayyora (Merkuriy, Venera, Yer va Mars) unchalik katta emas, asosan metall va toshdan iborat. Ularni ilmda "yer tipidagi sayyoralar" deb ham atashadi. Katta sayyoralar – Yupiter, Saturn, Uran, Neptun va Pluton ancha yirik bo'lib, ular asosan engil moddalardan (vodorod, geliy, metan va boshqalar) tashkil topgan.

So'nggi vaqtlarda dunyoning eng boy odami Ilon Mask "sayyoralar ichida Yerdan tashqari Mars inson yashashiga mos, hatto u yerga ko'chib o'tilsa, insoniyat qiyomatdan qutuladi" degan g'oyani ilgari surmoqda. Lekin Qur'oni karim oyatlari va islomiy e'tiqod bu faqat xom xayol ekanini ko'rsatadi.

Birinchidan, bu to'qqiz sayyora ichida Yer – bizning baraka topgan uymiz, aziz vatanimiz. Chunki Alloh taolo insoniyatga:

«Yerda sizlar uchun bir muddat yashash va undan bahramand bo'lish imkoniyati bor. Keyin yer yuzida yashaysiz, shu yerda vafot etasiz va (o'limdan so'ng qayta tirilib) yerdan chiqarilasiz», – dedi ("A'rof" surasi, 24-25-oyatlar).

Bu oyatda inson aynan shu tuproqda tug'ilishi, shu yerda vafot etib, dafn qilinishi va shu yerda qayta tirilib, to'planishi aytilmoqda. Demak, insoniyatning butun taqdiri shu yerda kechadi. Boshqa joyda unga hayot va yashash yo'q. Shuning uchun Yerdan boshqa sayyoralardan doimiy maskan izlash behuda harakatdir. Agar kimdir kelajakda boshqa sayyorada yashash uchun joy topsa ham, bu Alloh taoloning hukmini o'zgartira olmaydi.

Ikkinchidan, Parvardigorimiz insonni yaratib, unga Yer yuzini meros qilib berdi. Bu haqda Qur'onda:

«U sizlarni Yer yuzida xalifa qildi (ya'ni, Alloh sizlarni Yer yuzini obod qiladigan, Uning hukmi va qonunlari asosida yashaydigan, boshqa mavjudotlarni boshqaradigan vakili qilib qo'ydi)», – deyiladi ("Fotir" surasi, 39-oyat).

"Yer xalifasi" degan so'zdan – bir-biridan keyin keladigan, shu yerda yashaydigan, yerdagi barcha narsadan foydalanadigan, undagi barcha mavjudot unga xizmat qiladigan, hukmini o'tkazadigan, egasi degan ma'no tushuniladi.

Uchinchidan, "boshqa sayyoralar inson yashashiga mos" degan fikr to'g'ri bo'lsa ham, qiyomat bo'lganda Yer bilan birga Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar ham halok bo'lishi haqida Alloh taolo Qur'onda shunday bayon qiladi:

«Quyosh o'ralib, nuri so'nganda, yulduzlar sochilib, yorug'ligi o'chganda» ("Takvir" surasi, 1-2-oyatlar), «Qattiq vahimadan ko'zlar qotib, qorayganda, oy to'silganda va quyosh bilan oy birlashtirilganda, ana o'sha kuni inson: "Qochadigan joy bormi?!" – deydi. Yo'q, (o'sha kuni) bosh olib qochib, panalash uchun joy yo'q! O'sha kuni hammaning borar joyi Parvardigor huzuridir» ("Qiyomat" surasi, 7-12-oyatlar).

Hasan AMONQUL

"Minara" gazetasi, №4, 2021 yil

Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Bu yerdagi javoblarni foydalanuvchilar yozadi, ular rasmiy fatvo emas. Majburiy hukm uchun vakolatli din xodimiga murojaat qiling.

👍 0👎 0💬 0👁 0
Ulashish:

Izohlar

Hozircha izoh yo‘q.