Sug'urta – moliyaviy yo'qotishlarni kamaytirish yoki yetkazilgan zararni qoplash uchun imkon beradigan xizmat turi. Sug'urta holati yuzaga kelganda zararni qoplash uchun sug'urtalanuvchi va sug'urta xizmatini ko'rsatuvchi o'rtasida shartnoma tuziladi.
Sug'urta xizmati uchun sug'urtalanuvchi ma'lum miqdorda to'lov qiladi. Ushbu to'lov miqdori xavf-xatar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan yo'qotishlarga asoslanib hisoblanadi. Dunyo bo'yicha ikki xil sug'urta tizimi mavjud: tijorat (an'anaviy) va islomiy. Aslida, an'anaviy sug'urta tizimi dinimiz tamoyillariga mos kelmaydi. Chunki unda foiz (riba), noma'lum savdo, aldash, qimor va "taqdir bilan o'ynash" kabi shariatga zid amallar bor. Masalan, siz avtomobilingizni sug'urta qilish uchun bir yilga 20 ming so'm to'laysiz. Shu muddat ichida avtomobilingizga zarar yetgudek bo'lsa, sug'urta kompaniyasidan 200 ming so'm tovon olasiz. Mana shu ortiqcha foiz hisoblanadi.
"Taqdir bilan o'ynash" deganda, sug'urta kompaniyasi odamlarning qo'rquv hissidan foydalanib, noma'lum narsaga pul olishi tushuniladi. Holbuki, bir yil ichida nima bo'lishini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Bu bir lotereya yoki qimor o'yiniga o'xshaydi.
Noma'lum savdoda esa inson o'z sarflagan puli evaziga nima olishini bilmaydi. Masalan, 50 kishi o'z avtomobillari uchun sug'urta kompaniyasiga 20 ming so'mdan to'lasa, kompaniyada 1 million so'm jamg'arma yig'iladi. Bir yil davomida shundan 2-3 ta avtomobil avariyaga uchrashi mumkin. Ular kompaniyadan o'z zararlari uchun tovon oladi. Qolgan 47 kishi esa nimaga pul to'lagani noma'lum. Ularning puli qaytarilmaydi.
Alloh taolo: "Ey iymon keltirganlar! Mol-mulkingizni bir-biringizdan nohaq yo'l bilan yemanglar" (Niso surasi, 29-oyat) va "Ey iymon keltirganlar! Albatta, hamr (spirtli ichimliklar), qimor o'yinlari, tikilgan toshlar (butlar), fol ochadigan o'qlar iflos, shaytonning ishlaridandir. Ulardan chetda bo'linglar! Balki najot toparsizlar", – deb buyurgan (Moida surasi, 90-oyat).
Allohdan qo'rqadigan inson sug'urta holatida sug'urta kompaniyasidan qaytarilgan pulning faqat o'zi to'lagan qismini ishlatishi, qolganini esa yo'l qurish, ko'prik qurish kabi xalqning umumiy ehtiyojiga sarflashi lozim. Musulmon odamning majburiy sug'urtadan foydalanishi esa zarurat hisoblanadi.
Islomiy sug'urta tizimi tijorat foydasini ko'zlamaydi. U o'ziga xos xayriya hisoblanadi. Masalan, agar sizda avtomobil bo'lsa, siz yiliga bir marta 20 ming so'm sug'urta badalini to'laysiz. Avtomobilga zarar yetganda, kompaniya sizga zarur mablag'ni to'lab beradi. Umumiy jamg'arma fondida qolgan pul yil oxirida ishtirokchilarga qaytariladi. Kompaniya sug'urtalanuvchining pulini saqlagani va hisob yuritgani uchun haq oladi. Sug'urta kompaniyasi fond egasi emas, balki uning tashkilotchisi sifatida faoliyat yuritadi.
Qur'oni Karimda: "Yaxshilik va taqvoga yordam beringlar. Gunoh va dushmanlikka yordam bermanglar. Allohdan qo'rqinglar! Shubhasiz, Allohning azobi qattiqdir", – deyiladi (Moida surasi, 2-oyat).
Payg'ambarimiz (u zotga Allohning salovoti va salomi bo'lsin): "Musulmonlar bir-biriga mehribonlikda, muruvvatda, o'zaro aloqada bir butun tana kabidir. Agar uning bir a'zosi og'risa, qolganlari ham u bilan birga uxlamay, isitmasi ko'tariladi", – degan (Muslim).
Hasan AMONQUL
"Munara" gazetasi, № 30, 2020 yil
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.