Agar yerga tushib namoz o‘qish imkoni bo‘lmasa (masalan, yer loy, tashqarida juda sovuq, bo‘ron va hokazo), yerga tushib namoz o‘qish o‘ziga yoki mol-mulkiga xavf tug‘dirsa yoki yo‘lda to‘xtashga ulgurmasdan namoz vaqti chiqib ketsa, poyezd, samolyot va boshqa transport vositalarida ham namoz o‘qishga ruxsat beriladi.
Qur’oni Karimda: «(Alloh taolo) sizlarga din borasida hech qanday qiyinchilik yuklamadi» («Haj» surasi, 78-oyat) va «Imkoningiz boricha Allohdan qo‘rqib yashanglar» («Taghobun» surasi, 16-oyat), – deb aytilgan.
Transport vositalarida o‘qiladigan besh vaqt farz va vitr vojib namozlarda qibla tomonga qarash va tik turish (qiyom) imkon qadar to‘liq bajarilishi kerak.
Ma’lum sabablarga ko‘ra (kasallik, bosh aylanishi va hokazo) tik turib namoz o‘qiy olmasa, o‘tirib o‘qiydi. O‘tirgan holda qo‘llarini bog‘lab, oyatlarni o‘qiydi, tizzasiga suyangan holda biroz egilib ruku’ qiladi. Sajdani odatdagidek bajaradi. O‘tirishga qodir bo‘lib, biroq ruku’ va sajda qilishga kuchi yetmasa, o‘tirgan holda ruku’ni biroz egilib, sajdani esa undan ham pastroq egilib ado etadi (Hidoya, 1/347).
Payg‘ambarimiz (unga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin): «Namozni tik turib o‘qi. Agar kuching yetmasa, o‘tirib o‘qi. Agar bunga ham kuching yetmasa, yonboshlab yotib o‘qi», – dedilar (Buxoriy).
Shariatga ko‘ra, suvda harakatlanayotgan kemada hech qanday sabab bo‘lmasa ham farz va vojib namozlarni o‘tirib o‘qishga ruxsat beriladi. Imkon bo‘lsa, tik turib yoki kema to‘xtaganda sohilga tushib namoz o‘qish afzal. Lekin sohilga bog‘langan kemada hech bir sabab bo‘lmasa, namozni o‘tirib o‘qish to‘g‘ri emas (Maroqi al-faloh, 346-348).
Yo‘lovchi namozni qibla tomonga qarab o‘qiydi. Chunki farz namozlarda qiblaga qarash – shart. Qiblaga qarashga imkon bo‘lmasa, zarari yo‘q. Shuning uchun samolyotda, avtobusda o‘tirgan yo‘nalishiga qarab o‘qiydi. Poyezdda esa imkon qadar qibla tomonga qarashga harakat qiladi.
Yo‘lda transport vositalarida o‘qilgan namozni qayta o‘qish shart emas.
Tayyorladi: Hasan AMONQUL,
«Minara» gazetasi, №21, 2021 yil
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.