"Tushda Alloh Taoloni ko‘rish mumkinmi?" degan savolga baʼzi olimlar mumkin emas, baʼzilari esa mumkin deb javob berishadi.
Imom Navaviy (Alloh unga rahmat qilsin) aytadi: "Al-Qoziy: "Olimlar tushda Alloh Taoloni ko‘rish mumkin va to‘g‘ri ekaniga ittifoq qilishgan. Lekin, agar uyquda Allohni O‘ziga munosib bo‘lmagan jismoniy shaklda ko‘rsa, u (ko‘rgan narsasini) Allohdan boshqa narsa deb biladi. Chunki Haq Taoloni biror narsaga o‘xshatib bo‘lmaydi", degan.
Ibnu-l-Boqillani esa: "Tushda Alloh Taoloni ko‘rish qalbda xayol, taxmin va gumon uyg‘otadi. Bu narsa (yaratilmishlarga xos) bo‘lgan yoki bo‘layotgan ishlar ichida uchraydi", deydi[1]. Yaratgan Egamizni tushda jismoniy narsalarni ko‘rgandek haqiqiy maʼnoda tushunilmaydi. Chunki Qudratli Allohni ko‘z bilan ko‘rish mumkin emas. U har qanday nuqson va kamchiliklardan pok va beg‘ubor. Qurʼoni Karimda:
﴿ وَلَا يُحِيطُونَ بِهِ عِلْمًا ﴾
"Ular [yaratilmishlar] Uni bilim bilan to‘liq qamrab ololmaydi" [2], deyiladi.
Salaf solihlarning (dastlabki musulmon avlodlari) tushlarida Alloh Taoloni ko‘rganini olimlar ramziy (taʼvil qilib) tushuntirishgan. Imom Bag‘aviy (Alloh unga rahmat qilsin) aytadi: "... Qudratli Allohni ko‘rish adolat, quvonch, saxovat va yaxshilik holatida bo‘ladi. Tushda Alloh jannat, mag‘firat yoki do‘zaxdan najot vaʼda qilsa, Uning so‘zi haq, vaʼdasi rost bo‘ladi. Allohning nazari tushsa, bu Uning rahmati, yuz o‘girgani esa, gunohdan ogohlantirish, deb talqin qilinadi. Qurʼoni Karimda:
﴿ أُولَئِكَ لَا خَلَاقَ لَهُمْ فِي الْآَخِرَةِ وَلَا يُكَلِّمُهُمُ اللَّهُ وَلَا يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ ﴾
"...ular oxiratda hech qanday nasibaga ega bo‘lmaydilar va qiyomat kuni Alloh ular bilan gaplashmaydi, ularga nazar ham tashlamaydi,..." [3] deb aytiladi.
Tushda Alloh Taolo boylik bersa ham, banda uni olsa, olgan narsasini sinov, mashaqqat va dard deb biladi. Shuni o‘ylab, ko‘ngli bezovta bo‘ladi va shu orqali katta savobga erishadi[4].
Shunday ajabtovur tush ko‘rganida Alloh Taologa hamd aytib, shukr qilish lozim. Chunki bu – bir neʼmat (inʼom). Xohlasa, uni ishonchli bir kishiga aytadi, xohlasa, aytmaydi. Tushda Alloh Taoloni ko‘rish mumkin emas, deydiganlar fikrini quyidagicha bayon qilishadi:
ولو قال رجل: رأيت الله تعالى في المنام، قال الشيخ الإمام رئيس أهل السنة أبو منصور الماتريدي رحمه الله تعالى: هذا الرجل شر من عابد الوثن
"Kimdir tushimda Alloh Taoloni ko‘rdim desa, Shayx Imom Ahl as-Sunna boshlig‘i Abu Mansur Moturidiy (Alloh unga rahmat qilsin): "Bu odam butparastdan ham yomon", degan. Bu masala Buxoro va Samarqand mashoyixlari o‘rtasida bahsga sabab bo‘lgan. Samarqand mashoyixlari (Alloh ularga rahmat qilsin):
رؤية الله تعالى في المنام باطلة لا تكون لأن ما يرى في المنام لا يكون غير المرئي بل هو خياله، و الله تعالى منزه عن ذلك و ترك الكلام في هذه المسألة أحسن
"Alloh Taoloni tushda ko‘rish bo‘lmaydigan, botil ish. Chunki tushda ko‘rilgan narsa faqat xayoldan iborat. Alloh Taolo bundan pok. Bu masalada gapirmaslik afzal"[5], deyishgan.
XULOSA. Alloh Taoloni tushda ko‘rish mumkin emas. Ko‘rilgani faqat xayol hisoblanadi. Bunday tushi hech kimga aytmaslik maʼqul. Zarurat bo‘lsa, bunday ajabtovur tushlarni Qurʼon va sunnatga muvofiq taʼvil qilib, ramziy maʼnoda yetkaziladi. Bu borada "Unga [Allohga] o‘xshash hech narsa yo‘q" [6] qoidasi asosida, Haq Taologa shakl, surat, o‘lcham, chegara, taraf nisbat berilmaydi. Alloh har qanday nuqson va kamchiliklardan pok va beg‘ubor deb eʼtirof qilinadi. Eng to‘g‘risini Alloh biladi! O‘zbekiston musulmonlari idorasi Shariat va fatvo bo‘limi
[1] Imom Navaviy, Sahih Muslim sharhi, 5/25.
[2] "Toha" surasi, 110-oyat.
[3] "Oli Imron" surasi, 77-oyat.
[4] Sharh as-sunna, 12/227.
[5] "Fataavo Qozixon", 3/329.
[6] "Shuro" surasi, 11-oyat.
Bu material sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan va muharrir tomonidan ko‘rib chiqilgan.